Rajalashtirish
22.04.2024, 17:55

Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili

Sog‘liq uchun xavfli oziq-ovqat mahsulotlari insoniyat tarixining ilk davridan boshlab odamzotga muammo bo‘lib kelgan. Bugungi kunda biz duch keladigan ko‘pgina muammolar aslida yangilik emas.

Jahonda barcha davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga doir imkon boricha katta kuch va ko‘p mablag‘ sarf qilganlariga qaramasdan rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda ham oziq-ovqat mahsulotlarining zararlanishidan paydo bo‘ladigan kasalliklar sog‘liqni saqlashning jiddiy masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ich ketish (diareya) xastalliklari sababli dunyoda har yili 1,8 million kishi vafot etishi hisoblab chiqilgan. Bunday holatlarning aksariyati ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari yoki toza bo‘lmagan suvni iste’mol qilinishi bilan bog‘liq. Oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri tayyorlash – ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarining oldini oladi.

200 dan ortiq ma’lum bo‘lgan xastaliklargina oziq-ovqat mahsulotlaridan zararlanish sababli vujudga keladi.

Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili
Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ovqat tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi kishilar o‘rtasida ularning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda tibbiy savodxonligini oshirish muhim ekanligini ancha oldin aniqlagan edi. 1990 yillar boshida JSST “Xavfsiz ovqat tayyorlashning o‘n olti qoidasi” ni ishlab chiqdi va bu qoidalar faol ravishda turli tillarga tarjima qilinib, ko‘plab nusxalarda nashr etildi. Lekin bu ishni amalga oshirish jarayonida yanada sodda va hammabop qo‘llanma kerakligi ayon bo‘ldi.

Xavfsiz ovqatlanish va xavf omillari bo‘yicha mutaxassislar orasida bo‘lib o‘tgan, sal kam bir yil davom etgan bahs – munozaralardan so‘ng JSST tomonidan “Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili” deb nomlangan plakat ishlab chiqildi. Uning mazmuni aholining eslab qolishini osonlashtirish maqsadida soddalashtirilgan. Xavfsiz ovqat tayyorlashning o‘n olti qoidasi, shuningdek, tavsiya etilgan choralarning batafsil keltirilgan asoslari kiritildi.

Oziq-ovqatlarning xavfsizligi buzilgan holatlar sababli rivojlanadigan kasalliklar ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlar uchun birday muammodir.

Tibbiy xizmat tizimining katta foizi shu muammoni hal etish bilan band bo‘ladi. Ko‘proq maktabgacha va boshlang‘ich maktab ta’limi yoshidagi bolalar, qariyalar va bemorlarga bu salbiy holat ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, yuqorida bayon etilgan sabablar yana davlat iqtisodiyoti, milliy rivojlanish va xalqaro savdo-sotiqqa ham katta zarar yetkazadi. Bemorlar diareya (ichketish) sababli oriqlab ketadi. Natijada ular og‘ir ahvolga tushadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Asablarni tinchlantirish uchun 10 ta samarali usul

Mikroorganizmlar shunchalik kichkinaki, to‘g‘nog‘ich boshiga ularning milliontasini joylashtirish mumkin. Bakteriyalar, viruslar, zamburug‘lar, mog‘or va parazitlar bularning hammasi mikroorganizmlardir. Oziq-ovqat mahsulotlarining hidi, mazasi, ko‘rinishi ularning xavfsiz ekanligidan yetarli darajada dalolat bermaydi. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’molga yaroqsiz qiladigan mikroorganizmlar ovqatning tashqi ko‘rinishini o‘zgartiradi va ularni xavfli mahsulotga aylantiradi. Masalan, non ustidagi mog‘or zamburug‘i zaharli modda (toksin)larni ishlab chiqaradi. Oziq-ovqat mahsulotlari orqali kasallik chaqiradigan, asosan keng tarqalgan xavfli mikroorganizmlarga quyidagilar misol bo‘la oladi:

 

  • Bakteriyalar – salmonella, shigella, campylobacter va e.coli ichak tayoqchasi;
  • parazitlar – giardia, trixinella;
  • viruslar-A gepatiti, norovirus kabilardir.

Mikroorganizmlar hamma yerda mavjud. Lekin ko‘proq ular najasda, tuproq va suvda, kalamush, sichqon, hashorat va zararkunandalarda hamda uy va suv hayvonlari, qoramolda, shuningdek, odamlarda uchraydi.

Mikroorganizmlar harakat qilishi uchun kimdandir yoki nimadandir foydalanadi. Ular bir joydan boshqa joyga kir tirnoq va qo‘llar orqali o‘tadi. Mitti zararkunandalar ifloslangan suv yoki oziq-ovqat mahsulotlari orqali tarqalishi mumkin. Uy hayvonlari ham ifloslanish manbai bo‘ladi.

Agar virus bilan zararlangan oshxona xodimi taom tayyorlashni davom etirayotgan bo‘lsa, ba’zi viruslar yegulik orqali xaridorga o‘tishi mumkin. A gepatiti va noroviruslar aynan shu tarzda yuqadi. Zoonoz – hayvonlardan odamlarga o‘tadigan mikroorganizmlar chaqiradagan yuqumli kasallik hisoblanadi. Parranda grippi va e.coli 0157 infeksiyalari zoonozga misol bo‘ladi. Parranda grippi odamlarga parrandalar bilan bevosita aloqa qilish yoki ular najasi bilan ifloslangan narsalardan foydalanish natijasida yuqishi mumkin.

Aksariyat mikroorganizmlar koloniyasi tezda ko‘payish yo‘li bilan keng joyni egallaydi.

Ko‘payish uchun ularga quyidagi qulay omillar kerak: oziqlanish, suv, vaqt, issiqlik.

Go‘sht, dengiz mahsulotlari, pishirilgan guruch, makaron, sut pishloq va tuxum mikroorganizmlar ko‘payishi uchun eng qulay muhit bo‘lib xizmat qiladi. Bitta bakteriya 1,5 soniya davomida ikkinchisini vujudga keltiradi. Bu degani 6 soat davomida bitta bakteriya 16 millionga ko‘payadi. Zararlash darajasiga yetishi uchun ba’zi mikroorganizmlar juda ko‘p miqdorda ko‘payishi kerak. Boshqa bakteriyalar kam miqdorda ham kasallik qo‘zg‘atishi mumkin. Viruslar o‘lchamlari jihatidan bakteriyalarga qaraganda ko‘p marotaba kichik bo‘ladi. Ular suv yoki oziq-ovqat mahsulotlarida rivojlanmaydi, lekin ular orqali o‘tishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Oshqozon yarasi - sabablari, belgilari, aniqlash va davolash

Milliardlab insonlarda yiliga bir marotaba yoki undan ko‘p marta oziq-ovqatdan kelib chiqadigan kasallik xuruji kuzatiladi. Ularning o‘zlari xastaligiga mikroorganizmlar bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari sababchi ekanligini bilmaydilar ham.

Oziq-ovqatdan kelib chiqadigan xastaliklarning keng tarqalgan belgilari quyidagilardan iborat:

Me’da og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ich ketishi va qusish holatlari kabidir.

Ushbu belgilar kasallik sababi bilan bog‘liq. Bu kabi xastalik belgilari bemor taom iste’mol qilganidan so‘ng darhol yoki bir necha kun va hattoki, bir necha haftadan so‘ng paydo bo‘lishi mumkin. Oziq-ovqatdan kelib chiqadigan ko‘pgina dardlarda belgilar bemor oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilganidan 24-72 soat o‘tgach paydo bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida sog‘liq bilan bog‘liq uzoq davom etadigan jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Juda og‘ir kasalliklar, saraton, bo‘g‘imlar yallig‘lanishi, asab kasalliklari ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish sababli kelib chiqish ehtimoli yuqori.

Odatda oziq-ovqatlarning xavfsizligi buzilgan holatlar sababli kuzatiladigan kasalliklar oqibatlari bolalar, bemorlar, homilador ayollar va qariyalar o‘rtasida juda og‘ir kechib, hatto, o‘limga ham olib kelishi mumkin. Ich ketish davomida ko‘p miqdorda suyuqlik ichish tanani suvsizlanishdan saqlab turadi. Oziq-ovqatlarning zararlanishi sababli paydo bo‘ladigan kasalliklarning 3 foizi uzoq vaqt davom etadigan sog‘liqning jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkinligi hisoblab chiqilgan. Qo‘l terisi kesilganda, shikastlanganda qo‘lqopdan foydalanish, uni tez-tez almashtirish lozim.

Oziq-ovqatlar kelib chiqadigan xastaliklarni davolash bo‘yicha tavsiyalar turli mamlakatlarda turlicha farqlanadi. Shuning uchun ular har bir hududga moslashtirilishi kerak. Agar bemorni ich ketish tez-tez bezovta qilib, uning najasi suvsimon yoki tarkibida qon bo‘lsa yoki bu holat uch kundan ortiq davom etayotgan bo‘lsa shifokorga murojaat etish zarur. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarining buzilishi sababli kuzatiladigan kasalliklar bemorlardan boshqalarga yuqishi mumkin. Ularni parvarish qilayotgan sog‘ odamga xastalikning yuqish xavfi mavjud.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Oqilona (ratsional) ovqatlanish nima?

Kasallangan bo‘lsangiz nima qilish kerak?

Agar dard chekayotgan bo‘lsangiz oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘lingiz bilan tegmang yoki taom tayyorlamang. Xastalik belgilari yo‘q bo‘lgandan so‘ng 48 soatgacha shu tartibga rioya qiling. Lekin ovqat qilmaslikning iloji bo‘lmasa, taom tayyorlashdan oldin va uni tayyorlash davomida qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuvib turing. Agar kasallik belgilari juda og‘ir bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Oziq-ovqatlarning zararlanishi sababli kelib chiqadigan xastaliklar faqat mikroorganizmlar sababligina emas balki kimyoviy moddalar tufayli ham paydo bo‘ladi.

Zaharli va zararli omillar

Tabiiy toksinlar, metallar va ekologiyani ifloslantiruvchi moddalar, hayvonlarni zararkunandalardan tozalash uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar, noto‘g‘ri ishlatilgan pestitsidlar, tozalovchi kimyoviy vositalar, oziq-ovqat vositalarini tayyorlashda ishlatiladigan qo‘shimcha (dorivor)lardan noto‘g‘ri foydalanish kabi holatlar.

Kimyoviy moddalardan zaharlanish xavfini kamaytirish uchun poliz mahsulotlarini yaxshilab yuvish, ularning po‘stini archish kabi sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish kifoya qiladi. To‘g‘ri saqlangan mahsulotlarda ba’zi tabiiy zaharlarning paydo bo‘lishining oldi olinadi yoki kamayadi. Zaharlanish – kimyoviy ifloslanish natijasida vujudga keladigan betoblikni ifoda etuvchi atama. Ba’zi tabiiy zaharlar (masalan, aflatoksin) oziq-ovqat mahsulotlarining mog‘orlashi oqibatida paydo bo‘ladi. Aflotoksinlar jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida saraton kasalligini qo‘zg‘atadi.

Mikroorganizmlar o‘zingizga va boshqalarga yuqishiga yo‘l qo‘ymang. “Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili” ga rioya qiling, ya’ni:

  1. Tozalikka rioya qiling,
  2. xom oziq-ovqat mahsulotlarini tayyor ovqatlardan ajrating,
  3. taom tayyorlash davomida oziq-ovqat mahsulotlariga issiqlik bilan yaxshi ishlov bering,
  4. oziq-ovqat maxsulotlarini xavfsiz haroratda saqlang,
  5. toza suv va yangi hamda sarxil oziq-ovqat xomashyosidan foydalaning.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Oqilona (ratsional) ovqatlanish nima?

© Guli Shayxova,
TTA “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasi professori.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.

Rajalashtirish
22.04.2024, 17:55

Ulashish