Erkakning yotoqxonadagi muammolari: sabab va choralar
Oxirgi yillarda tibbiyotda erkaklar uchun haqoratli sanalgan impotensiya o‘rniga erektil disfunksiya termini qo‘llanila boshlandi. Nomi-ku o‘zgarar, ammo erkak uchun bu xastalikning zalvori aslo kamaygani yo‘q. Har qancha kuchli va salomatligi bo‘yicha muammolarni (ayniqsa, bunday nozik masalada) pisand qilmaydigan ko‘rinsa-da, erkak hamisha sevimli umr yo‘ldoshining ko‘magiga ehtiyoj sezadi. Siz ana shu istakka befarq bo‘lmang.
Tibbiy til bilan aytganda…
Erektil disfunksiya — jinsiy aloqaga kirishish uchun erkakning ereksiya (qo‘zg‘alish) hosil qilolmaslik yoki saqlay olmasligi. Jinsiy mayl susayishi, urug‘ning tez to‘kilishi, jinsiy qoniqish bilan bog‘liq muammolar erektil disfunksiya xastaligiga aloqador emas. Ereksiyaning buzilishi asosan 2 katta guruhga bo‘linadi: psixogen va organik. Ba’zan ular aralash holda bo‘lishi ham mumkin. Birinchi holda ereksiyaning risoladagidek yuz bermasligiga erkak ruhiyatidagi zo‘riqish, stress, depressiya, qo‘rquv sabab bo‘lsa, ikkinchi holda disfunksiya turli urologik, neyrogen, endokrin va tomir kasalliklari ta’sirida rivojlanadi.
Ekspress-test
Oilaviy hayot kechiruvchi erkak 3 oy davomida har ikki yaqinlikning birida omadsizlikka uchrayversa, albatta, uni chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bu avvalo unda testosteron (erkaklik gormoni) miqdorining pasayib ketganidan dalolat beradi. Ayniqsa, bu erkaklarda qirchillama yoshga kirgandan so‘ng kuchayishi kuzatilgan.
Sabablar va tadbirlar
To‘shakda qaytalanayotgan muvaffaqiyatsizlikka quyidagilar ham sabab bo‘ladi:
1. Erkaklarning haddan ortiq semirib ketishi natijasida teri ostidagi yog‘ kletchatkasi ereksiya hosil qilishni to‘sib qo‘yadi.
Maslahat: eng birinchi ishingiz turmush o‘rtog‘ingizga parhez tuttirish bo‘lsin. Yaxshisi, bu oqsilli parhez bo‘lsin. Go‘sht va baliq mahsulotlarini sabzavotlar bilan pishiring, tvorog yeyishini nazorat qiling. So‘ng turmush o‘rtog‘ingizni qondagi qand va xolesterinni aniqlash uchun tahlil topshirishga, yurak va tomirlarini EKG qildirishga yuboring.
2. Keng tarqalgan prostatit. Ayniqsa sovuq qish kunlari gripp, tumovni oyoqda o‘tkazish asorati prostata bezining yallig‘lanishi bilan tugashi mumkin. Chunki bu bez peshob chiqarish kanalining yuqorisi, qovuq pastida joylashgan. Prostatit bezovta qilayotganini chov, oraliq va qorin pastida yuzaga kelgan qattiq og‘riq bildirishi mumkin. Bu holda erkak uchun yurish ham qiyinchilik tug‘diradi. Uni darrov yotqizib, uyga shifokor chaqiring. Kasallik o‘z vaqtida aniqlansa, undan antibiotik va fizioterapiya, qo‘l va apparat orqali qilinadigan massaj yordamida qutulish mumkin. Bu usullar prostatitning follikulyar bosqichida ham asqotadi. Prostata bezi follikulalardan (yacheykalardan) iborat bo‘lib, ulardagi yiring o‘choqlari barcha yo‘llarni yopib qo‘yadi. Prostatitning eng og‘ir uchinchi shaklida bez to‘la-to‘kis patologik jarayonga tortiladi. U infeksiya markaziga aylanib, barcha funksiyalarini yo‘qotadi. Tibbiyotda uni faqat xirurgik yo‘l bilan davolashadi. Muolajalar kechiktirilsa, zararlangan prostata bezi qovuq bo‘yni sklerozi, qiyinlik bilan peshob haydash, erektil disfunksiya va bepushtlikka olib kelishi mumkin.
Maslahat: avvalo eringiz bilan ushbu qaltis mavzuda o‘ta ehtiyotkorlik, yumshoqlik va bir paytning o‘zida qat’iylik bilan gaplashing. Shamollasa, har qancha harakat qilmasin, ishga yubormaslikning tadbirini qiling. Agar yuqorida sanalgan muammolar kuzatilayotgan bo‘lsa, urolog-androlog shifokorga uchrash zarurligini yotig‘i bilan tushuntiring.
- Sigareta, alkogol ichimliklar, pivo, o‘tkir ziravor va taomlardan iste’molini cheklashga eringizni ko‘ndiring. Buning ilojini topolmasangiz, hech bo‘lmasa, davolanish paytida ularga yo‘l qo‘ymang.
- Jinsiy aloqaning normal kechishi uchun yetarlicha sharoit va vaqt sarflanishini hisobga oling. Shunga yarasha hozirlik ko‘ring.
- Prostatitning jazosi — piyoda yurish. Umr yo‘ldoshingizni ko‘proq sayr qilishga undang. Iloji bo‘lsa, fitnes-klub va basseynga yozdirib qo‘ying. Bu, birinchidan, vazn ortmasligiga yordam bersa, ikkinchidan, sport mashg‘ulotlari erkakning jinsiy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yodingizda bo‘lsin: velosiped haydash, velotrenajyor, figurali uchish, karate va ot sporti kuchli jins vakillarining jinsiy a’zolari tizimiga salbiy ta’sir qiladi, erektil disfunksiya paydo bo‘lishiga olib keladi.