Skolioz (Mutaxassis bilan suhbat)
Qaddi-qomatni (osanka) to‘g‘ri tarbiyalash, mustahkamlash va rivojlantirish bu uzoq davom etadigan jarayon. Bolalarning qaddi-qomatini to‘g‘ri shakllantirishni yoshlikdan boshlash va buni har bir bolalar muassasasida – maktab, kollej, universitet va ayniqsa oilada e’tiborni hech qachon pasaytirmaslik kerak, – deydi Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti bolalar ortopediyasi bo‘limi boshlig‘i, professor Ahror JO‘RAYEV, «Ozbekistonda soglikni saqlash» gazetasi muxbiriga.
– Qaddi-qomat» (osanka) deganda nimani tushunamiz va u qachon rivojlanadi?
– «Qaddi-qomat» (osanka) – odamning vertikal holatini belgilaydi. Har kungi turmush tarzi ham odamning qaddi-qomati o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin, uning kayfiyati yaxshi yoki yomonligi, o‘z ko‘rinishini tutish holatlari, o‘ta charchoqlik shular jumlasiga kiradi.
Kelishgan va raso qaddi-qomat nomuvofiq hayotiy jarayonda yomonlashishi mumkin, bunday holat bola maktabda birinchi yil o‘qish paytida kuzatiladi. 7 yoshlarda bolaning muskul boylam birlashmasi o‘tirishning fiziologik holatiga moslashib boradi. Umurtqa pog‘onasiga birikkan muskul va boylamlarning ta’sirida uning funksiyasi o‘zgarib turadi. Bu 390-400 ta katta-kichik muskul faoliyatiga bog‘liq. Bu muskullar odam tanasini normal ushlab turishdan tashqari qarama-qarshi kuchlarni (aktigravitatsion kuchi) bir-biriga mutanosib qilishdan iborat. Agar muskullar yaxshi rivojlangan bo‘lsa, ularning harakati bir-biriga mutanosib (sinxron) bo‘ladi. Bu o‘z navbatida umurtqa pog‘onasi qiyshaymasdan to‘g‘ri rivojlanishiga yordam beradi.
Qaddi-qomatning rivojlanishi murakkab jarayon bo‘lib ota-onalar, shifokorlar, pedagoglar, tarbiyachilardan doimiy e’tiborni talab qiladi. Kelishgan, chiroyli qaddi-qomat, avvalambor, bosh va umurtqa pog‘onasi to‘g‘ri joylashishi, kurak va yelkaning simmetrik holati, belning bir xil uchburchagi, dumba burmasining joylashuvi, umurtqa do‘mboq o‘sigining vertikal holati, umurtqaning fiziologik burilishlari hamda qo‘l-oyoqlarning bir xil uzunligi va oyoq panjasining bir xil holatidir.
Umurtqa pog‘onasida harakatli va harakatsiz bo‘limlar farqlanadi. Bo‘yin qismi (7 umurtqadan iborat), ko‘krak (12 umurtqa) va bel (5 umurtqadan) – bular harakatli bo‘limdir. Dumg‘aza qismi esa harakatsiz turadi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning umurtqa pog‘onasi to‘ppa-to‘g‘ri holatda bo‘lib, o‘sish va rivojlanish jarayonida uning qismlarida fiziologik egrilik yuzaga keladi. Chaqaloqning muskul sistemasi rivojlanishi bilan u boshini tutib tura oladi va natijada umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismida fiziologik egrilik qabariq yoyi oldinga qaragan bo‘ladi. Qachonki, bola o‘tirishni o‘rganganidan keyin umurtqasining ko‘krak sohasida egrilik hosil bo‘ladi. Bu yoyning qabariq yoyi esa orqaga qaragan bo‘ladi. Asta-sekin bel sohasida ham qabariq yoy hosil bo‘lib, u oldinga qaragan bo‘ladi. Fiziologik egrilik 6-7 yoshlarga borib aniq farqlanadi. Umuman suyaklarning o‘sishi 18-20 yoshlarga borib to‘xtaydi va hamma fiziologik egriliklar bu vaqtga kelib silliqlanadi. Chunki insonning muskul – boylam birikmalari, tog‘ay sohasi qavatlari juda ham harakatchan va egiluvchan holatga yetadi. Eng muhimi, umurtqa pog‘onasining to‘g‘ri rivojlanishiga normal sharoit yaratish kelishgan qaddi-qomatiga imkon yaratadi.
Umurtqaning fiziologik egriliklari noto‘g‘ri rivojlanishi natijasida o‘quvchining qaddi-qomati qiyshiq bo‘lib qoladi va bolaning sog‘lom o‘sishiga ta’sir etadi. Fiziologik egriliklar umurtqa pog‘onasining egiluvchan xususiyatlarini oshiradi va odam ichki a’zolarini tashqi muhit shikastlanishlaridan asraydi.
– Bolalarda qaddi-qomatning to‘g‘riligini qanday tekshirish mumkin?
– E’tibor bilan qaraganda, bu oson. Bolani yechintirib turgan holatda yonbosh tarafdan qarab tekshiriladi (1,5-2,0 metr o‘zingizdan uzoqroqda, xona issiq va yorug‘ bo‘lishi maqsadga muvofiqdir). Tekshirish paytida, albatta, boshni tutib turish, oldinga yoki orqaga egilganligi, ko‘krak qafasi formasi, qorin chizig‘i, tizza bo‘g‘imi bukilmasi, umurtqaning bo‘yin, ko‘krak va bel egriligi rivojlanganiga e’tibor qilish kerak.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Tamaki tutunidagi «zahar»
Bolaning shifokorga qarab turgan holatidagi tekshiruvda, albatta uning yelka sohasi bir xil ekanligiga e’tibor qilish zarur. Uning ko‘krak qafasi chap yoki o‘ng yarmi oldinga chiqqanligi yoki chiqmaganligi, tizza bo‘g‘imi bukmasi qay darajada ekanligi, umurtqaning bo‘yin bel sohasi qabarig‘i oldinga, ko‘krak qismida esa qabariqning orqaga qaraganligini ko‘rish mumkin. Bola orqa bilan turgan holatda tekshirilganda uning yelkasi, ko‘kragining pastki burchagi bir xilligi va umurtqadan bir xil uzoqlikda ekanligi e’tirof etiladi. Keyin esa umurtqaning dumboq o‘sig‘i ustidan barmoqlar yurgizib tekshiriladi. Shunda ular bir xil ekanligini ko‘rish mumkin.
Keyin bola oldinga 900 egiltirib tekshiriladi (tizza bukilmaydi, qo‘lini osiltirib turadi). Bolaning ko‘krak sohalari ikki yarmi ham bir xilligi, chap kurak yoki o‘ng kurak sohasining bo‘rtib chiqishini ko‘rish mumkin. Bunday holat bukrilik deyiladi.
– Qaddi-qomatning qanday nuqsonlari bor?
– Qaddi-qomatning orqa – sohasi yumaloq – bel turi mavjud. Bu tur bolaning tez rivojlanishi paytida muskul-boylam sistemasi kuchsizligi natijasida kuzatiladi. Gavdaning orqa qismida ko‘krak sohasida umurtqa tekis holda ko‘rinadi. Kurak qanotsimon shaklda, yelka sohasi osilgan, bosh oldinga egilgan, qorin esa oldinga chiqqan holatda ko‘rinadi (qorin muskuli yaxshi rivojlanmaganligi tufayli qorin otopiyasi vujudga keladi). Bunday nuqsonlar ko‘pincha 9-13 yoshli qiz bolalarda uchraydi.
Qaddi-qomatning orqa sohasi tekis – bel turi farqlanib, bu nuqsonda umurtqaning hamma fiziologik egriliklari silliq, tekis bo‘ladi va umurtqaning egiluvchanlik xususiyati kamayishiga sabab bo‘ladi.
Yana qaddi-qomatning orqa sohasida yumaloq-bukilgan turi mavjud bo‘lib, bunda hamma fiziologik egriliklar yanada ko‘proq egiladi. Qaddi-qomatning tekis-bukilgan bel turi mavjud, bunda faqat bel sohasida bukilish ko‘proq bo‘lib, ko‘krak va bo‘yin sohasi egriliklari tekislanadi.
Umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasidagi bu nuqsonlar bir butun organizm funksiyalari buzilishidir. Bunday nuqsonli bolalar va o‘quvchilar parishonxotir, lanj, asabiy, jahldor bo‘ladi. Ular bronxit, o‘pka yallig‘lanishi va sil kasalligiga moyilroqdir.
Ba’zan to‘g‘ri rivojlangan bolalarning umurtqa pog‘onasida u yoki bu yon tarafga qiyshayish holati uchraydi. Bu skolioz deyiladi.
Skolioz
Bolalardagi qaddi-qomatning nuqsonlaridan biri skolioz kasalligidir. Bu kasallik umurtqaning o‘ng yoki chap yon tarafga qiyshayishi natijasida paydo bo‘ladi. Bu faqat umurtqa pog‘onasi kasalligi emas, balki bir butun organizmda chuqur o‘zgarishlar bo‘lishi bilan farqlanadi. Bu kasallik sekin rivojlanadi, bezovta qilmagani uchun kech aniqlanadi. Shuning uchun ham uni davolash nihoyatda qiyin kechadi, bu kasallikni ba’zan bartaraf etish mumkin emas. Bola bu kasallikda tez charchaydi, ko‘proq o‘tirgan va yurgan payti umurtqa pog‘onasida og‘riq sezadi.
Skolioz kasalligi bor bolalar tekshirilgan paytda umurtqa pog‘onasida qiyshiqlik holati kuzatiladi. Bu umurtqaning dumboq o‘sig‘i chap yoki o‘ng tarafga og‘ganligi bilan izohlanadi. Qiyshaygan tarafda kurak yuqoriga ko‘tarilgan bo‘ladi.
Kurak umurtqa pog‘onasiga yaqinroq bo‘lib qoladi.
Skolioz kasalligining:
1) Yoysimon;
2) S simon turlari uchraydi.
Kasallik og‘ir-yengilligiga qarab 4 darajaga bo‘linadi.
1-darajali skolioz – yengil turi bo‘lib, tekshirilgan payti umurtqa qiyshiqligi bola gorizontal holda yotganda yo‘qoladi.
2-darajali skolioz – bola tekis joyda yotgan payti xam qiyshiqlik yo‘qolmaydi. Ko‘krak va bel sohasida qiyshiqlik natijasida muskul o‘rami yoki burtmasini aniqlash mumkin.
3-darajali skolioz – esa qiyshiqlik bir xil holatda, stabillashgan qiyshiqlik kuzatiladi. Bunday skoliozda bukrilik (rebernыy gorb) paydo bo‘ladi. Tos qiyshayishi natijasida oyoqning funksional kaltaligi paydo bo‘ladi. Bola yon tarafga egilib, o‘sha kaltalikni yo‘qotishga harakat qiladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Bo’yin qiyshiqligi sababi, turlari va davolash
4-darajali skolioz – eng og‘ir formasi bo‘lib, bolaning ichki a’zolarida patologik o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Bolani tashqaridan kuzatsangiz, unda bukrilik holatini sezasiz. Oyoq sohalarida falajlik, nevralgiya, parez qayd qilinadi. Kasallikni davolamasa, uning xuruji natijasida umurtqaning o‘z o‘qi atrofida aylanib ketishi natijasida yana ham murakkab deformatsiyalovchi asoratlarga olib keladi. Bunday nuqsonlar o‘z-o‘zidan bolaning ichki a’zolari o‘rnidan siljishiga sabab bo‘ladi va ularning funksiyasi buzilishiga olib keladi. O‘pka, yurak-qon sistemasi ishi buziladi. Surunkali havo yetishmagandek bo‘ladi. Agar o‘z vaqtida skolioz kasalligining boshlang‘ich darajalarida yordam berilmasa, kelajakda bola nogiron bo‘lib qoladi.
Umurtqa pog‘onasining qiyshayishi ba’zan ota-onalar yoki shifokorlar tomonidan favqulodda aniqlanadi. Asosan, skolioz kasalligi qiz bolalarda o‘g‘il bolalarga qaraganda uch barobar ko‘proq uchraydi. Ba’zan tengdosh, maktabdosh, sinfdosh bolalar tomonidan bunday nuqsonlilar mazax qilinishi oqibatida odamovi, tez xafa bo‘ladigan, jahldor, ommaga qo‘shilmay yakkalanib qolishi mumkin.
– Qanday sabablar qaddi-qomat buzilishiga olib keladi?
– Qaddi-qomat buzilishiga olib keluvchi omillar talaygina. Raxit, kamqonlik, surunkali nafas yo‘llari yallig‘lanishi, yuqumli kasalliklar shular jumlasidandir.
Bolalar sog‘lig‘i va qaddi-qomati buzilishida eng avvalo, yaxshi ovqatlanmaslik, ochiq havoda sayr qilmaslik, yetarli uxlamaslik, suzish, gimnastika bilan shug‘ullanmaslik, maktabda bolalarga mos kelmaydigan parta bunday nuqsonlar rivojlanishiga olib keladi.
Skolioz kasalligi 7 yoshdan 15 yoshgacha uchraydi. Uning profilaktikasida bolaning qaddi-qomatiga chaqaloqlik davridan e’tibor qaratish birlamchi rol o‘ynaydi.
– Bolalarning qaddi-qomatini qanday to‘g‘ri rivojlantirish kerak? Skolioz kasalligining oldini olish mumkinmi?
– Ota-onalar bolasining qaddi-qomatida nuqson bo‘lmasligi uchun u tug‘ilganidan boshlab qayg‘urishi zarur. Bolalarni 6 oygacha o‘tirg‘izmaslik va undan keyingi vaqtga kelib o‘zi o‘tirmaguncha kutish kerakligini ota-ona unutmasligi lozim, 3 oylikdan boshlab bolani tez-tez qoringa yotqizish maqsadga muvofiqdir. 9 oygacha bolani oyoqqa qo‘yishga shoshilmaslik tavsiya etiladi. Ko‘p mamlakatlarda Yaponiya, Xitoy, xususan O‘rta Osiyo xalqlarida bolalarni opichlab, oyog‘ini qurbaqa holatida olib yurish keng tarqalgan.
Bolani bir qo‘lidan yetaklab yurish tavsiya etilmaydi, iloji boricha o‘zi yurishi kerak, aks holda umurtqa pog‘onasiga og‘irlik tushib ba’zi nuqsonlarni keltirib chikarishi mumkin. Bolalarga uqalash, silash, gimnastika mashqlari qildirish tavsiya etiladi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar ko‘proq ochiq havoda sayr qilishi va harakat qilib, har xil o‘yinlar bilan shug‘ullanishi kerak. Agar bolada raxit kasalligi aniqlansa, ota-ona darhol bolalar shifokoriga murojaat qilishi va maslahat olishi zarur.
Bolani ona suti bilan boqish maqsadga muvofiqdir. Ertaroq bolalarga meva va poliz mahsulotlari, sharbat berish, quyosh vannasini qabul qilish, uzoq vaqt ochiq havoda sayr qildirish mumkin. 6 oydan 1,5 yoshgacha bolalarga xamir mahsulotlari va taomlarini bermaslik kerak. 6 oygacha ona suti, meva sharbati, poliz mahsulotlaridan qaynatma bo‘tqa yoki yog‘siz go‘sht va baliqlardan qaynatmalar berish mumkin. Bular hammasi o‘sayotgan organizmni kerakli mineral tuz va vitaminlar bilan ta’minlaydi.
Qaddi-qomat profilaktikasi uchun albatta, 2-3 yoshdan boshlab kompleks gimnastika mashqlariga e’tibor berish kerak. 3 yoshdan boshlab chanada yoki chang‘i uchishni o‘rgatish foydadan holi bo‘lmaydi.
Eng asosiy masala – bolaning poyabzaliga qaratilishi zarur. Oyoq kiyimlari katta ham, kichik ham bo‘lmasligi kerak. Agar yassi oyoqlilik mavjud bo‘lsa, albatta stelka-supinator bilan poyabzal kiyish tavsiya etiladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Ekzema (Soʻralgan maʼlumot)
Bola stulda dars qilayotgan payti bir oyog‘ini tagiga qo‘yib o‘tirmasligi kerak, chunki bunda tana mutanosibligi buziladi va umurtqa pog‘onasi noto‘g‘ri rivojlana boshlaydi. Bolaning yon boshlab kitob mutolaa qilishi taqiqlanadi.
Stolga yotqizilgan payti bolalar hech qachon bir tirsakni tushirib, bir tomoniga qiyshayib turishi kerak emas. Bu umurtqa qiyshayishiga sababdir. O‘qishda, yozishda bola stulga suyangan holda qo‘l va ko‘kragini oldinga qo‘yib o‘tirishi lozim.
O‘tirg‘ich balandligi boldirning uzunligiga teng bo‘lishi shart, bolaning kuragi o‘tirg‘ichga suyangan holda o‘tirish tavsiya etiladi. Yorug‘lik faqat chap tarafdan tushib turishi shart. Kitob va daftarga egilmasdan masofani saqlab o‘tirish talab etiladi. Bu masofa shunday: tirsakni stolga qo‘ygan holda qo‘l barmoqlari uchi ko‘zning tashqi burchagiga olib kelinadi. Ana shunday surat o‘quvchining ko‘z oldida doska yoniga ilib qo‘yilishi zarur.
– Qaddi-qomat nuqsonlari va skolioz kasalligini qanday davolash kerak?
– Agar ota-onalar bola qaddi-qomati to‘g‘ri rivojlanishiga yaxshi e’tibor qilmasa, kelajakda ular tanasi, umurtqa pog‘onasida ayrim nuqsonlar paydo bo‘ladiki, keyinchalik ularni bartaraf etish muammo darajasiga ko‘tariladi.
Ana shunday nuqsonlarni bartaraf etish biz shifokor-ortopedlar bolalar shifokori, pedagoglar, tarbiyachilar oldidagi muhim vazifalardan biridir.
Agar umurtqa sohasida biron-bir nuqson va qiyshiqlik aniqlansa, albatta ularga yordam berish choralarini topmoq zarur.
Bunday paytda muhim rejalar ishlab chiqiladi:
- bola karavotidagi ko‘rpacha tagiga albatta fanerdan yasalgan taxtacha qo‘yish zarur va bolani orqasi yoki qorni bilan yotqizishga o‘rgatish kerak;
- stol va stulda bolaning yoshi va bo‘yiga mos tushadiganini tanlash hamda ba’zan uyda darslarni qorniga yotib bajarishni tashkil etish;
- yaxshi ovqatlantirishni ta’minlash;
- sumkani orqaga osib yuradigani bilan almashtirish;
- bolaning ko‘ruv va eshitish holatini shifokorga tekshirtirish;
- kunlik rejimni nazorat qilish, sayr etish, yetarli uyqu har doim bir xil vaqtda bo‘lishini ta’minlash;
- maktabda sinf rahbari va shifokor bilan tez-tez muloqotda bo‘lish;
- bolaning partada to‘g‘ri o‘tirishini nazorat qilish;
- bola og‘irroq narsani ko‘tarmasligi kerak, hatto kichkina ukasini ham ko‘tarishi mumkin emasligini uqtirish;
- ertalabki badantarbiyani har kuni bajarish;
- shifokor-ortoped ko‘rinishi va uning ko‘rsatmasiga binoan davolash gimnastikasi bilan shug‘ulanishini tashkil etish;
- suv sporti, chang‘i uchish foydali ekanligini tushuntirish kerak.
Bugungi kunda Prezidentimiz farmonlari bilan respublikamiz miqyosida bolalar sportini rivojlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Bolalarga qaysi sport turiga mos ekanligini aniqlash (albatta shifokor ko‘rigidan o‘tkazilgandan keyin), ayniqsa, qaddi-qomati nuqsonli bolalarga sport turlarini rejim asosida tashkil etish biz shifokor-ortopedlar, bolalar shifokori, maktab shifokorlari, pedagoglar va tarbiyachilar oldidagi muhim vazifadir. Yuqorida zikr etilgan barcha tavsiyalar hayotga tatbiq etilgandagina bolalarning sog‘lom rivojlanishi va o‘sishini ta’minlaymiz.
Skolioz – organizmning umumiy og‘ir kasalligi bo‘lib, ota-onalardan, pedagog, tarbiyachi va shifokorlardan 5-6 yil mobaynida sabr-toqat bilan kompleks davolashni talab qiladi.
Hurmatli ota-onalar! Bolalaringiz qaddi-qomatiga e’tibor bering. Ular o‘sish va rivojlanish paytida qaddi-qomat buzilishi fojiaga olib kelishini unutmang. Har doim esda tuting! Kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish osonroqdir!
Ulashish
Tavsiya qilinadigan dorilar
Vitaminar Biff Baby, 10 qadoq - Plan baby
Mahsulot haqida qisqacha:
- Ichak mikroflorasini normallashtirishda;
- Ovqat hazm qilishini yaxshilashda;
- Antibiotiklar qabul qilish va boshqa kimyoterapevtik davolashdan keyingi holatda;
- O'n ikki barmoqli ichak faoliyatini tartibga solishda;
- Bolalarda immun tizimini mustahkamlashda;
- Meteorizm va qorin dam bo'lishida.
60 000 so'm