Sut tishlarida muammo bo‘lsa (Stomatolog bilan suhbat)
Bolaning tish chiqish jarayoni har bir ona uchun katta hodisadir. Chiqib bo‘lganidan keyin esa ularni parvarishlash kerak. Mabodo bolakayning mittigina tishlari qoraya boshlasa-chi? Shunga o‘xshash bolalar stomatologiyasiga doir turli savollar bilan «Bekajon» gazetasi muxbiri tibbiyot fanlari nomzodi, Uchtepa tumani 3-stomatologiya poliklinikasi stomatolog shifokori Nodira Nurmatovaga murojaat qildi. Quyida barcha yosh ota-onalar uchun foydali bo‘lgan savol-javob shaklidagi suhbatni o‘qishingiz mumkin.
Go‘dakning tishi kech chiqsa…
— Go‘dakning tishi kech chiqsa ham, erta chiqsa ham, ota-ona tashvishga tushadi. Aslida bu holatlar xavotirlimi?
— Ma’lumki, tishlar ikki marta chiqadi: sut tishlari va doimiy tishlardir. Sut tishlarining qay tarzda chiqishi, rivojlanishi, tez kariyesga uchrash-uchramasligi, asosan, onaning homiladorlik paytidagi holati, salomatligiga bog‘liq. U qanday ovqatlangan, qaysi kasalliklarni boshidan o‘tkazgan, erta va kech toksikozlarga chalinganmi, mana shu holatlar ham bolaning tish chiqish jarayoniga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. O‘zi sut tishlari meyorda bolaning 5-6 oyligidan boshlab chiqadi. Ammo 3-4 oydan boshlab tish chiqish holatlari ham bor. Hatto tish bilan tug‘iladigan bolalarni uchratamiz. Tishlar bolaning 9-10 oyligida chiqishi ham mumkin. Ularning kech yoki erta chiqishi genetik omilga ham bog‘liq bo‘ladi. Tishlarning kech chiqishi ba’zida kalsiy moddasining yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Bunda bolaning liqildog‘i ancha paytgacha bitmaydi. Ushbu vaziyatda albatta, pediatrga murojaat qilish kerak.
So‘rg‘ich zararlimi…
— So‘rg‘ichga o‘rgangan go‘daklarning tishlari qiyshiq chiqadi, degan gap bor. Bu nechog‘li to‘g‘ri?
— Har narsaning o‘z meyori bo‘lganiday, so‘rg‘ich so‘rishning ham vaqti o‘lchog‘li. Ba’zilar bolalariga 3-4 yoshigacha so‘rg‘ich berishadi. Unday bolalar 5-6 yoshigacha so‘rg‘ichdan voz kecholmay qiynalishadi. Iloji bo‘lsa, so‘rg‘ichni bir yoshdan keyin bolaga bermagan ma’qul. So‘rg‘ichning tishlarga salbiy ta’siri yo‘q. Faqat bir yoshdan keyin ham so‘rg‘ich so‘rishda davom etgan bolada tishlar (ikki qator tishning bir-biriga tegib turish holati)ning noto‘g‘ri shakllanishi kuzatilishi mumkin.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Chaqaloqlarda shamollash - sabablari, alomatlari va davolash
Bolalarda kariyes
— Kichik yoshdagi bolalarning tishlari ham kariyesga chalinadimi?
— Sut tishlarda kariyesning kelib chiqishiga birinchi sababni genetik faktor deb oladigan bo‘lsak, ikkinchi sabab onaning homiladorlik davridagi holatidir. Ekologik salbiy muhitni ham esdan chiqarmaslik kerak. Bola tug‘ilganidan keyin yaxshi rivojlanganmi, qanday kasalliklarni o‘tkazgan, bularni ham unutmaslik kerak. Qolaversa, bola og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenik holatining ahamiyati ham katta. Bola nima yeyapti, buni doimo nazorat qiling. Iloji boricha obaki konfetlar, ayniqsa, «Chupa-chups» kabi shirinliklarni bolaga bermagan ma’qul. Ularning o‘rniga shokolad iste’mol qilgani yaxshi. Sababi so‘rg‘ich konfetlar uzoq vaqt davomida og‘iz bo‘shlig‘ida qolib ketib, kariyesning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Bolalarga qattiq meva, sabzavotlarni bersangiz, tishlar uchun ko‘proq koni foyda. Qattiq mevalar milklarni chiniqtiradi, qolaversa, tishlarning orasini yaxshigina tozalaydi ham.
— Shunday onalar bor, bolasining sut tishlaridagi kariyesga umuman e’tibor bermaydi. Aslida, sut tishlarning kariyesi keyingi tishlarning salomatligi uchun ta’sir qilmaydimi?
— Sut tishlarning kariyesiga hech qachon befarq bo‘lmaslik kerak. Qancha erta davolansa, shuncha yaxshi. Kariyes tishlarning boshlang‘ich kasallanishi hisoblanadi. Undan keyingi bosqich pulpit (tish tomirlaridagi nerv tomirining zararlanishi) deyiladi. Agar bunga ham befarq qaralsa, periodontit (yiringlash) hosil bo‘ladi. Ko‘pgina ota-onalar bolasining tishini oxirigacha davolamay, yiringlab og‘rigandan keyin yana kelishadi. Ana shunday holatda doimiy tishning murtagini zararlab qo‘yish hech gap emas.
Bola tishlarini tozalash
— Bolaga necha yoshidan boshlab tishlarini tozalashga o‘rgatish lozim?
— Avvalgi tibbiyotga oid adabiyotlarda bolani ikki yoshidan boshlab tish cho‘tkasiga o‘rgatish kerak, deyilardi. Ammo bugungi kun tibbiyotida aytilishicha, parvarishni bolada tish chiqishi bilan boshlash kerak. Olti oydami, besh oydami, xullas, bolasining tishi chiqqanidan keyin ona vaqti-vaqti bilan barmog‘iga sterillangan bint o‘rab, go‘dakning og‘iz bo‘shlig‘ini sut qoldiqlaridan tozalab turishi kerak.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Yassioyoqlikni davolash
Tishlar mustahkamligi uchun…
— Bolaning tishi mustahkam bo‘lishi uchun qanday qoidalarga rioya qilish kerak?
— Eng avvalo tish yuvish qoidalariga to‘g‘ri rioya qilish kerak. To‘g‘ri ovqatlanish ham katta ahamiyatga ega. Bola ozuqasida ko‘proq sutli, go‘shtli ovqatlar bo‘lsin, shirinliklarni kamroq yeyishsin. Agar biror-bir muammo sezsangiz, albatta, stomatologga murojaat qiling.
Qimirlab turgan tishlarni yulish xavfli
— Bolaning tishlari qimirlayotganda, odatda ota-onalar ip yoki oddiygina barmoqlar yordamida tortib sug‘urib tashlashadi. Bu xavfli emasmi?
— Agar tish chindan ham qimirlab turgan bo‘lsa, bu usulning xavfli joyi yo‘q. Doimiy tish chiqayotgan paytda sut tishning ildizini yemirib chiqadi. Shuning uchun ham tushib qolgan sut tishining ildizi bo‘lmaydi va ba’zi ota-onalar sut tishlar ildizsiz ekan, degan fikrga ham borishadi. Tishlar almashinayotgan davrda yana shunday holatlar bo‘ladiki, pastki tish chiqayapti-yu, ammo sut tish qimirlay demaydi. Bunda albatta, xirurgga borib, sut tishini olib tashlash kerak.
Tishlar qiyshiq bo‘lsa…
— Hammaning ham tishlari tekis chiqmaydi. Agar bolada tishlar qiyshiq bo‘lsa, qanday yo‘llar bilan to‘g‘irlanadi?
— Doimiy tishlarning o‘zi qiyshiq chiqishi yoki tishlar noto‘g‘ri rivojlanishi mumkin. Tishlar chiqayotganda ularni to‘g‘irlash usullari bor. 5-6 yoshlarda esa protez usulida to‘g‘irlanadi.