Bolaning biqini og‘risa…
Gohida kichkintoy yugurib ketayotganda yoki futbol to‘pining ortidan chopganida, ba’zi hollarda esa tez-tez qadam tashlab yurganida to‘satdan biqinini ushlab qoladi. Bunday vaqtda onalar bolaning qayeri og‘riyotganini bilolmaydilar.
Aslida biqinda paydo bo‘lgan og‘riqning sabablari turlicha. Masalan nafas olishimizga yordam beradigan diafragma – mushak to‘sig‘i ishlab turishi uchun zarur bo‘lgan kislorodni yetarlicha ololmaganda ham biqinda og‘riq turadi.
Shuningdek, diafragma yoki qorindagi (qorinoldi) mushaklar qisilib spazmga uchraganda, ya’ni zo‘riqib turishi ba’zan biqin og‘rishiga sabab bo‘ladi.
Biqin og‘rishining oldini olish yoki bunday og‘riqni to‘xtatish uchun mutaxassislar har xil maslahatlar berishadi. Ba’zi birlarining ta’kidlashicha bola fizkultura darslariga chiqishdan oldin yengil harakatlar bilan tanasini qizitishi kerak. Chunki mashg‘ulotlar paytida ancha-muncha kuch sarflanadi.
Mashqlarga kirishishdan avval bola oyoq uchida turish, qo‘l barmoqlari uchini oyoq kaftlariga tekkizish, o‘tirib-turish harakatlarini bajarsa fizkultura darslarida zo‘riqib qolmaydi, shunda biqinida ham og‘riq paydo bo‘lmaydi.
Mutaxassislarning aksariyati «cho‘zilish biqin og‘rishining oldini oladi» deyishadi. Bunda bola ko‘krak qafasini kerishi va qo‘llarini cho‘zishi kerak. Yoki qo‘llarini boshi ustiga ko‘tarib gavdasini har tomonga egsa ham bo‘ladi.
Qo‘llarini oldinga uzatib so‘ng chuqur nafas olsa va ko‘krak qafasini kerish mashqlarini bir necha marta bajarsa bola biqin og‘rig‘idan xech vaqt shikoyat qilmaydi.
Biqini qattiq og‘rib qolsa bolani albatta vrachga olib boring. Tibbiy ko‘rikda kichkintoyning ko‘richak bo‘lgan-bo‘lmagani yoki oshqozonida biror illat bor-yo‘qligi aniqlanadi. Shundan so‘ng bolaga muolaja buyuriladi.
Bordiyu bolaning ichi kelgandan keyin ham biqinidagi og‘riq to‘xtamasa, buning ustiga issig‘i chiqsa, unga xech qanday dori bermay turing, hatto ichni suradigan preparatlar ichirmang.
Birdaniga ko‘p ovqat yemagani ham maqul. Chunki bola ko‘p ovqat iste’mol qilsa, taomni shosha-pisha chaynasa, birdaniga ko‘p suyuqlik ichsa jig‘ildon to‘lib diafragma va qorin mushagida spazmlarni vujudga keltiradi, natijada biqin og‘riydi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Immunitet pasayishi belgilari va bartaraf qilish chorasi
Chuqur nafas olish va jon-jahdi bilan yugurish ham bolada biqin og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Bunday vaqtda bolaga sal sekinroq yurish kerakligini uqtiring. Yuzaki va tez-tez nafas olish mashqini o‘rgating. Biqin og‘rig‘i o‘tib ketgach yana ilgarigidek nafas olaveradi. Biqin og‘riganda bola bir necha soniya tanasini butkul bo‘shashtirishi lozim. Bo‘shashgan holatda qo‘llari bilan tizzasiga tayanib tursa yanada yaxshi. Bunday vaqtda siz bolaning og‘riyotgan joyini ohista uqalasangiz biqin og‘rishi kamayadi.
Ko‘pincha biqin og‘riganda muzli muolaja yordam beradi. Masalan birorta idishga suv quyib muzlatkichning eng yuqorisida 1-2 soat saqlang. To‘satdan biqin og‘rib qolganda o‘sha joyga bir-ikki daqiqa muz qo‘yib ishqalang. Ana shunda biqin og‘rig‘i o‘tib ketishi amalda isbotlangan.
Bola fizkultura mashqlari bilan muntazam shug‘ullansayu lekin bunday mashqlarni birmuncha vaqt to‘xtatib qo‘ysa biqin og‘rig‘i kelib chiqadi. Shuning uchun ham bola fizkultura mashqlariga qatnamayotgan davrda uyda yengil badantarbiya qilib turishi kerak
Ayrim vaqtlarda ich qotganda biqin og‘rishi mumkin. Me’da-ichaklarda gaz yig‘ilib qorin qappayishi ham bunday og‘riqqa sabab bo‘ladi. Xullas bolakayning biqini og‘riganda va uy sharoitidagi muolajalar (uqalash, harakat qildirish, muz qo‘yish) yordam bermaganda bemorni terapevt shifokorga olib borish lozim. Negaki ba’zi hollarda biqin og‘rishi boshqa biror xil kasallikning alomati sifatida namoyon bo‘ladi.
Rayhon MUDARISOVA, bolalar shifokori.
«Sihat-salomatlik» jurnali.
Ulashish
Tavsiya qilinadigan dorilar
Vitaminar Biff Baby, 10 qadoq - Plan baby
Mahsulot haqida qisqacha:
- Ichak mikroflorasini normallashtirishda;
- Ovqat hazm qilishini yaxshilashda;
- Antibiotiklar qabul qilish va boshqa kimyoterapevtik davolashdan keyingi holatda;
- O'n ikki barmoqli ichak faoliyatini tartibga solishda;
- Bolalarda immun tizimini mustahkamlashda;
- Meteorizm va qorin dam bo'lishida.
60 000 so'm